04/07/2025
🇺🇿🇯🇵 “O‘zbekiston madaniyatini o‘rganamiz” — Nagoyada o‘zgacha bir kun
2025-yil 25-iyun kuni Nagoya shahrida, Nagoya shahar hokimiyati va Nagoya O‘zbekiston Do‘stlik hamjamiyati hamkorligida “O‘zbekiston madaniyatini o‘rganamiz” nomli ajoyib tadbir bo‘lib o‘tdi.
Men ham ushbu tadbirda ishtirok etib, yapon mehmonlarga O‘zbekistonning turizm salohiyati, tarixiy yodgorliklari va madaniy boyliklari haqida taqdimot qildim. Tadbir boshidan oxirigacha ko‘tarinki va do‘stona muhitda o‘tdi.
📜 Eslatib o‘tsam, 2019-yilda Nagoya va Toshkent shaharlari turizm va madaniyat sohalarida rasmiy hamkor shaharlar sifatida memorandum imzolagandi.
Shu asosda bu kabi tadbirlar 2020-yildan beri har yili turli shakllarda o‘tkazilib kelinmoqda.
Ammo bu yilgi tadbir — O’zbekiston haqida qizg’in savol-javoblarga boy bo’lgani bilan o‘ziga xos qiziqarli va samimiy ruhda bo‘ldi.
Tadbir dastlab 100 kishilik formatda rejalashtirilgan edi. Ro‘yxatga olish 12-may kuni boshlangan edi — lekin oradan bir kun ham o‘tmay, 140 kishi ro‘yxatdan o‘tib joylar to‘lib bo‘ldi!
Eng quvonarlisi — tadbir kunigacha ham ko‘plab insonlar bizga aloqaga chiqib, O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini bildirib, ishtirok etish istagini bildirdi.
🎶 Tadbir davomida yaponiyalik taniqli san’atkor Mashu Komazaki sahnaga chiqib, o‘zbekcha dutorda kuy ijro etdi va o‘zbek san’atining go‘zalligini ishtirokchilarga his qildirdi.
Tadbir yakunida esa kompaniyamiz Global Silkroad tomonidan Yaponiyaga olib kirilayotgan yurtimizning quritilgan o‘rik, mayiz kabi mahsulotlari mehmonlarga tortiq etildi.
Bu mehmonlarda alohida hayrat va qiziqish uyg‘otdi.
Shu tadbir yana bir bor tasdiqladiki:
Yaponiyada O‘zbekistonga bo‘lgan mehr, qiziqish, hurmat oshib bormoqda.
Bunday uchrashuvlar orqali ikki xalq bir-biriga yanada yaqinlashmoqda.
Yana bir unutilmas kun, yana bir ijobiy qadam.
Nagoya va Toshkent shaharlarining hamkorlik aloqalariga omad va zafarlar tilab qolamiz!
Manba: Mirjalol Mengboev